Belarus Oʻzbekiston fuqarolarini band qilishga oid bitimni tasdiqladi. Yangi qonunchilikga koʻra, Oʻzbekistondan xodimlarni Belarus hududiga vaqtincha joylashtirish tartibi belgilandi.
Ushbu bitim joriy yilning iyul oyida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus safarida imzolangan. Ushbu shartnomaning asosiy maqsadi – Oʻzbekiston fuqarolarini Belarusda qonuniy, xavfsiz va tartibli ravishda yollash uchun huquqiy asos yaratishdir.
Belarus mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Andrey Lobovich yangi qonun loyihasi Belarus uchun foydali boʻlishini bildirdi. U hozirda mamlakat ichki mehnat resurslaridan faol foydalanayotganini taʼkidladi: ishsizlik darajasi 1,9% ni tashkil etadi, ishga joylashish darajasi esa 85,3% ga yetib kelgan. Bundan tashqari, iqtisodiyotda xodimlarga qoʻshimcha talab mavjud va kamida 130 000 ta boʻsh ish oʻrni roʻyxatdan oʻtgan.
Lobovichning soʻzlariga koʻra, xodimlarni jalb qilish jarayoni ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqich Oʻzbekistonda amalga oshiriladi: Belarus ish beruvchisi shartnoma tuzadi va Oʻzbekiston migratsiya agentligi malakasi, tajribasi va boshqa mezonlarini hisobga olgan holda nomzodlarni tanlab oladi, soʻngra ularni ish beruvchi bilan kelishadi. Agentlik shuningdek, nomzodlarni joʻnatishdan oldin tayyorlash bilan shugʻullanadi, ularga Belarus urf-odatlari va anʼanalariga muvofiq mehnat sharoitlari haqida tushuntirishlar beradi. Nomzodlar majburiy tibbiy tekshiruvdan oʻtishadi, shuningdek, Oʻzbekistondan chiqish yoki Belarusga kirish cheklovlari bor-yoʻqligi tekshiriladi.
Ikkinchi bosqich – bu Belarus hududida qonuniy holatga keltirish va ishga joylashtirish. Ish beruvchi yangi xodimlarni birinchi migratsion hisobga kiritadi va qolgan zarur hujjatlarni rasmiylashtiradi. Shundan soʻng tomonlar mehnat shartnomasini imzolaydilar va xodimlar rasman ishni boshlaydilar.
Andrey Lobovich barcha ijtimoiy taʼminot, mehnat sharoitlari, maosh, mehnat muhofazasi, soliqqa tortish va migrantlar uchun tibbiy sugʻurta bilan bogʻliq masalalar Belarus milliy qonunchiligiga muvofiq tartibga solinishini taʼkidladi. Bundan tashqari, bitimda ushbu hujjatni amalga oshirish uchun har ikki davlatning kompetent organlari hamda ularning funksiyalari belgilangan.


