Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining qanchalik muvaffaqiyatli ish topishi va saqlab qolishi, shuningdek, ularning qanday daromad olishini baholash uchun Bitiruvchilar sifati indeksi joriy etilmoqda.
Reja boʻyicha eng yaxshi natijalarni namoyish etgan yigirma taʼlim muassasasi har yili 500 million soʻm miqdorida moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni oladi. Indeks hisobi toʻrtta asosiy mezonga asoslanadi: bitiruvchilarning ishga joylashgan foizi, bandligining barqarorligi, oylik oʻrtacha maosh va bandlik kategoriyasi. Baholash tegishli yilning bakalavr va magistrlik bitiruvchilarini oʻz ichiga oladi.
Natijalarni baholash Taʼlim sifatini taʼminlash agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Bu maqsad uchun davlat organlarining axborot tizimlaridan maʼlumotlarni avtomatik yigʻuvchi maxsus raqamli platforma ishlab chiqiladi. Ushbu platformani ishga tushirish 10-noyabr gacha, barcha zarur maʼlumotlar bazalarini ulashish esa 1-dekabr gacha rejalashtirilgan.
Taʼlim muassasalari oʻz koʻrsatkichlarini shaxsiy kabinetlar orqali kuzatib borishlari mumkin. Koʻrsatkichlarni sunʼiy oshirish urinishlari aniqlanganda, muassasa joriy yil roʻyxatidan chiqarib tashlanish xavfi ostida qoladi. Har yili eng yuqori koʻrsatkichlarga ega 20 ta taʼlim muassasasi davlat byudjeti mablagʻlaridan 500 million soʻm oladi, bu mablagʻlarning bir qismi universitetlarning karyera markazlarini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.
Shuni taʼkidlash kerakki, ilgari Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining oltisidan biri 2024/2025 oʻquv yili boʻyicha ish topa olmaganligi haqida maʼlumotlar kelgan edi.
