Xitoy kompaniyasi Gobi Partners vakili Chibo Tan Oʻzbekistondagi BioPharma City farmatsevtika klasterining investitsiya imkoniyatlari va texnologik istiqbollari bilan tanishdi. Bu haqda Tibbiy va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi maʼlumot berdi.
Chibo Tan va Agentlik direktori Abdulla Azizov oʻrtasidagi uchrashuv sentyabrning 23-kunida boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilarga Oʻzbekiston farmatsevtika sohasidagi islohotlar, shuningdek, farmatsevtika va biotexnologiyalar sohasida zamonaviy loyihalarni amalga oshirish uchun shartlar va investitsion imkoniyatlari haqida maʼlumot taqdim etildi.
BioPharma Cityni rivojlantirish konsepsiyasi, tadqiqot va ishlab chiqarish uchun infratuzilma hamda xalqaro firmalar bilan hamkorlik potentsialiga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar ilmiy-tadqiqot (R&D), biotexnologiyalar va klinik sinovlar sohalarida birgalikda ishlash istiqbollarini ham muhokama qilishdi.
Bundan tashqari, muhokama jarayonida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va istiqbolli loyihalarni joriy etish masalalari koʻrib chiqildi.

