Oʻzbekistonda bosqichma-bosqich «Xavfsiz va hurmatli ish muhiti» nomli dastur joriy etilmoqda. Ushbu dastur ish joyidagi har qanday bosim, zoʻravonlik, diskriminatsiya va tahdid turlaridan xodimlarni himoya qilishga qaratilgan.
Bu dasturni amalga oshirish uchun maxsus onlayn portal 2026-yil 1-dekabrgacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ushbu tashabbus davlat tuzilmalari, davlat ulushi 50% dan ortiq boʻlgan tashkilotlar, shuningdek, huquqiy shaklidan qatʼi nazar barcha boshqa korxona va muassasalarni qamrab oladi.
Xodimlar yangi portaldan ish joyidagi diskriminatsiya, zoʻravonlik yoki bosim holatlarini xabar qilish uchun foydalana oladi. Agar shikoyat bevosita rahbariyat yoki boshqa masʼul xodimga tegishli boʻlsa, tizim uni avtomatik ravishda yuqori darajadagi tashkilotga yoʻnaltiradi.
Portal barcha murojaatlarni roʻyxatdan oʻtkazish, zarur dalillarni yigʻish va oʻtkazilgan tekshiruv natijalarini saqlash uchun xizmat qiladi. Muhimi, aniqlangan buzilishlar va koʻrilgan choralar haqidagi maʼlumotlar oʻchirilmaydi.
Agar kelgan murojaatda jinoyat belgisi aniqlansa, tegishli maʼlumotlar «112» xizmati orqali kompetent organlarga yuboriladi. Bundan tashqari, kompaniyalarning ichki reglamentlariga jinsiy va jismoniy zoʻravonlik, shuningdek, tahdidlar jiddiy mehnat majburiyatlari buzilishi sifatida tasniflanadigan bandlarni qoʻshish tavsiya etiladi.
Xodim shikoyat bergani uchun unga bosim oʻtkazish, taʼqib qilish va psixologik taʼsir koʻrsatish mehnat intizomini buzish sifatida qaralishi kerak. Samaradorlikni boshqarish agentligi portal orqali ushbu talablarning bajarilishi nazoratini amalga oshirish va aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etishni talab qilish huquqiga ega boʻladi.
Avvalroq davlat tuzilmalarining 2,4 mingdan ortiq xodimlari fuqarolar murojaatlari bilan notoʻgʻri ishlash uchun javobgarlikka tortilganligi qayd etilgan edi. Xalq qabulxonalarida oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida 151 mansabdor lavozimini yoʻqotgan, 800 dan ortiq odam esa ogohlantirilgan.
