Oʻzbekiston tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi direktori Abdullo Azizov Janubiy Koreyaga rasmiy safarida Koreyaning yetakchi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan biri rahbariyati bilan uchrashdi. Ushbu kompaniya ogʻiz orqali qabul qilinadigan dorilarga ixtisoslashgan. Bu haqda Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi maʼlumot berdi.
Tomonlar Oʻzbekiston farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish va Koreyaning ilgʻor tajribasidan mahalliy sektorda foydalanishga qaratilgan muhokama oʻtkazishdi.
Farmatsevtik mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari, birgalikdagi investitsion loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va tovarlarni mintaqaviy bozorlarga eksport qilishga alohida eʼtibor qaratildi.
Abdullo Azizov kompaniya vakillariga Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun mavjud ijobiy sharoitlar, shuningdek, BioPharma City farmatsevtik klasteri loyihasi va «nol dan tayyor mahsulotgacha» tamoyili asosida ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirish imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi.
