Dubai elektron xavfsizlik markazi (DESC) deepfake videolarni aniqlash uchun moʻljallangan sunʼiy intellekt modelini yaqin orada ishga tushirishini eʼlon qildi. Ushbu model SARAAB nomiga ega.
SARAAB issiqlik xaritasi yordamida yuz xususiyatlarini tahlil qiladi, bu unga videokadrlar ustiga qoʻyilgan har qanday yashirin yoki «sintezlangan» qatlamlarni aniqlash imkonini beradi. DESCning sunʼiy intellekt boʻyicha bosh ijrochi direktori Hassan Majid Al-Hazradji maʼlum qilganidek, model ikki daqiqalik rolikning faqat oxirgi 30 soniyasida deepfake mavjud boʻlsa ham, videoni toʻliq tahlil qiladi.
Joriy yil oxirigacha faoliyat yuritishi rejalashtirilayotgan ushbu vosita dunyodagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biri boʻlgan 91 foiz aniqlikka ega. Eʼlon DESC tomonidan 16-18 sentyabrda Expo Citydagi Dubai koʻrgazma markazida boʻlib oʻtgan Gisec Global kiberxavfsizlik koʻrgazmasining birinchi kunida qilingan.
SARAAB modeli Hugging Face platformasida mavjud boʻladi, bu foydalanuvchilarga manba kodni koʻrib chiqish va unga oʻzgartirishlar yoki yaxshilanishlar kiritish imkonini beradigan ochiq platformadir. Bundan tashqari, bu arab mintaqasidagi davlat organi tomonidan ishlab chiqilgan birinchi model ekanligi taʼkidlandi.
