Oʻzbekiston qazuv sanoati va geologiya vazirligining birinchi oʻrinbosari Feruza Hamidova 15-sentabrda britaniyalik AREMCA kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuv maqsadi – geologiya va qazib olish sohalariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish boʻlgan, deb maʼlum qildi Oʻzbekiston qazuv sanoati va geologiya vazirligi.
Muloqotlar davomida AREMCA vakillari Markaziy Osiyo mamlakatlarida amalga oshirilayotgan kompaniya loyihalarini namoyish etishdi. Geologik maʼlumotlarni tahlil qilish, istiqbolli hududlarni aniqlash va qazib olish ishlarining samaradorligini oshirish uchun sunʼiy intellektdan foydalanish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Vazirlik xodimlari Oʻzbekistonda yer osti resurslari foydalanish huquqlarini auktsionlar orqali olish tartibi haqida maʼlumot berishdi, shuningdek, tegishli onlayn tizimlar va yangi qonunchilik hujjatlari bilan tanishtirdilar.
Tomonlar kelajakdagi hamkorlik imkoniyatlari, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va malakali mutaxassislar tayyorlash borasida ham fikr almashishdi.
