Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi munosabatlar nafaqat siyosiy va iqtisodiy sohalarda, balki madaniyat, fan va taʼlim sohalarida ham barqaror rivojlanmoqda. Ushbu ikki mintaqaning tarixiy madaniy jamoaligi, Ulugʻ Ipak yoʻli orqali bogʻliqligi, Moğul merosi, shuningdek, adabiyot, sanʼat va til boʻyicha yaqinlik bu munosabatlar uchun sivilizatsion asos yaratgan.
Bugun tarixiy aloqalar zamonaviy formatda yangi mazmun topmoqda. Xususan, Hindistonning Oʻzbekistondagi madaniy markazlari, indologiya oʻqitilishi, stipendiya dasturlari, shuningdek, ilmiy va akademik almashinuv mavjud aloqalarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
