O‘zLiDePning «Xalq bilan birga» umummilliy dasturi doirasida Yangiyer shahrida keyingi sayyora qabul o‘tkazildi. Ushbu tadbirning asosiy maqsadi aholi muammolarini joyida o‘rganish, murojaatlarga tezkor yechim topish va fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish edi.
Qabul davomida fuqarolardan jami 56 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 38 tasi shu joyda ijobiy hal etildi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha mas’ul tashkilotlar va idoralarga aniq topshiriqlar berilib, ularning bajarilishi nazorat ostiga olindi.
Sayyora qabulda senator Pokiza Ahmadjanova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gavhor Olimova, O‘zLiDeP Sirdaryo viloyati Kengashi apparati rahbari Shohista Bozorboeva, shuningdek, viloyat va shahar kengashlari deputatlari, partiya faollari hamda mahalliy hokimlik mutasaddilari ishtirok etdi.
Murojaatlarning katta qismi tibbiyot, taʼlim, elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz taʼminoti, maishiy chiqindilarni olib tashlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarga tegishli edi. Har bir murojaat batafsil o‘rutilib chiqildi va uning yechimi bo‘yicha mas’ul shaxslarga vazifalar belgilandi.
Sayyora qabul aholi uchun nafaqat shikoyat qilish, balki o‘z takliflari va tashabbuslarini bildirish imkoniyatini ham yaratdi. Xususan, aholi bandligini taʼminlash, yoshlar va ayollarni kasb-hunarga o‘qitish, yosh mutaxassislarni hududlarga jalb qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga oid takliflar muhokama qilindi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, aholi bilan bevosita muloqot qilish, muammolarni ofisda emas, balki joylarda o‘rganish va har bir murojaatga joyiga borib yondashish ushbu sayyora qabularning asosiy maqsadidir. Bu esa fuqarolarni qiynayotgan masalalarni tezkor hal etish va davlat organlari hamda aholi o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida murojaatlar ijrosini taʼminlash, aholini qayg‘ulantirayotgan ijtimoiy masalalarga o‘z vaqtida yechim topish hamda hududlardagi dolzarb muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan ishlar alohida e’tiborga olingan.