Samarqand davlat tibbiyot universiteti (SDTU) oʻqituvchilari Sankt-Peterburg davlat universiteti tomonidan tashkil etilgan rus tili oʻqituvchilari uchun IV yozgi maktab doirasida oʻqishmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, ushbu taʼlim doirasida SDTU oʻzbek va rus tili kafedrasining dotsent Xaxlo Jamoldinova hamda stajyor-assistent Zamira Xolikova ishtirok etmoqda. Malaka oshirish dasturi 144 akademik soatga moʻljallangan.
Bu yozgi maktabga Oʻzbekiston, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Xitoy, Hindiston, Serbiya, Germaniya, Polsha va boshqa davlatlardan 80 dan ortiq oʻqituvchilar qatnashmoqda.
Oʻquv jarayonida ishtirokchilar rus tili va adabiyotini oʻqitishning zamonaviy metodikasi, raqamli taʼlim resurslari, rus tilini chet til sifatida oʻqitish va ikki tilli bolalar bilan ishlash metodikasi bilan tanishadilar.
Amaliy mashgʻulotlarda oʻquv jarayonida oʻyin texnologiyalari, sunʼiy intellekt vositalari, video materiallar, podkastlar va intellektual xaritalardan foydalanishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Ushbu loyiha 2023-yildan beri «Rus dunyosi» fondi, Rossotrudnichestvo va Sankt-Peterburg shahri tashqi aloqalar qoʻmitasi tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, Sankt-Peterburg davlat universiteti tomonidan amalga oshirilmoqda. Yakuniy attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan ishtirokchilar SPbGU malaka oshirish sertifikatini oladi.

