Oʻzbekiston tibbiy va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Hindiston safarida Hindistonning eng yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biri boʻlgan Mankind Pharma raisi Ramesh Juneya bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Tomonlar Oʻzbekiston farmatsevtika sektorida investitsion loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni kengaytirish potentsialini muhokama qildilar. Asosiy eʼtibor zamonaviy dorivor vositalar ishlab chiqarish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini (R&D) va innovatsiyalarni rivojlantirish, texnologiyalarni oʻtkazish, shuningdek, yuqori qoʻshimcha qiymatli yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga qaratildi.
Mankind Pharma vakillariga BioPharma City farmatsevtika klasteri konsepsiyasi taqdim etildi. Taqdimot loyiha imkoniyatlari, xorijiy investorlar uchun shartlar, shuningdek, investitsion tashabbuslar uchun mavjud boʻlgan soliq va bojxona imtiyozlarini qamrab oldi.
Kompaniya rahbariyati Oʻzbekiston farmatsevtika sanoatini rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlarni ijobiy baholadi va aniq investitsion hamkorlik yoʻnalishlari hamda istiqbolli loyihalarni birgalikda oʻrganishga qiziqish bildirdi.
1995-yilda tashkil etilgan Mankind Pharma kompaniyasi Hindistonning yetakchi farmatsevtika kompaniyalaridan biridir. U retseptli va retseptsiz dori vositalari, shuningdek, sogʻliq uchun isteʼmol tovarlarini ishlab chiqaradi va mahsulotlarini 70 dan ortiq mamlakatlarga eksport qiladi.