Zamonaviy global iqtisodiyot sharoitida mintaqalarning investitsion jozibadorligini oshirish, mahalliy mahsulotni xalqaro bozorlarga chiqarish va raqobatbardosh brendlarni shakllantirish uchun zamonaviy marketing strategiyalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aynan shu maqsad bilan Buxoro shahrida «Marketing strategiyasini amalga oshirish: Yaponiya amaliy tajribasi» mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.
Seminar ishtirokchilariga hududlar, shaharlar va tumanlar darajasidagi iqtisodiyotni rivojlantirish, investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar boshqarmalari masʼul xodimlari qatnashib, xalqaro tajriba bilan tanishish imkoniyatini oldilar.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) mutaxassislari Mazakazu Hirakawa va Kiminyo Myong zamonaviy marketingning eng dolzarb yo'nalishlari bo'yicha keng qamrovli taqdimotlar o'tkazdi. Samarali marketing strategiyasini ishlab chiqishning asosiy tamoyillari, brend-marketing, mahsulot dizayni, bozor va iste'molchilar ehtiyojlarini tahlil qilish, ma'lumotlar asosida qaror qabul qilish, simulyatsiya usullariidan foydalanish, milliy brendlarni yagona konsepsiyada taqdim etish, shuningdek, xalqaro ko'rgazmalar va marketing tadbirlarini birgalikda tashkil etish kabi masalalar batafsil ko'rib chiqildi.
Yaponiya ekspertlari marketing faqat tovar sotish vositasi emas, balki mintaqa obro'sini oshirish, milliy brendni shakllantirish va tashqi bozorlarda mustahkam o'rin egallash uchun muhim vosita ekanligini alohida ta'kidladilar. Ular mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozori talablariga muvofiq ishlashi, eksport salohiyatini oshirish, konsalting xizmatlaridan samarali foydalanish va jahon bozori tendensiyalarini muntazam o'rganish bo'yicha amaliy tavsiyalar taqdim etdilar.
Bundan tashqari, ikki mamlakat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga yordam beradigan ilg'or yondashuvlar, shuningdek, yangi birgalikdagi loyihalarni amalga oshirish va mahalliy mahsulotning jahon bozorlaridagi raqobatbardoshligini oshirish muhokama qilindi.
Seminar ishtirokchilari taqdim etilgan bilimlar va tajriba haqidagi savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar. O'zaro munozaralar va fikr almashinuvlari bilan boyitilgan tadbir davlat boshqaruvi va mintaqaviy iqtisodiyotda zamonaviy marketing vositalaridan samarali foydalanish bo'yicha muhim bilimlarni va ko'nikmalarni mustahkamladi.
Buxoroda o'tkazilgan seminar Yaponiya ning ilg'or tajribasini o'rganish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mahalliy mahsulotni jahon bozorida layoqatli o'ringa qo'yish uchun yangi imkoniyatlar ochdi. Bu, shubhasiz, mintaqaning eksport salohiyatini oshirish, milliy brendlar obro'sini mustahkamlash va iqtisodiy rivojlanishning yangi bosqichiga erishish yo'lidagi muhim qadamdir.